2026-yil 17-19-sentabr kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzoda Italiyaning Kadenabbiya shahridagi Konrad Adenauer jamg'armasi xalqaro uchrashuvlar markazida "Global o'zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo: milliy strategiyalar, mintaqaviy xavfsizlik va yangi hamkorlikni shakllantirish" mavzusida xalqaro ekspertlar uchrashuvida Tojikiston pozitsiyasini taqdim etdi. Bu haqda Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi xabar berdi.
Tadbirda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston vakillari, shuningdek, parlamentlar, tashqi siyosat idoralari, ekspert va ommaviy axborot vositalari hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalar xalqaro tartibni oʻzgartirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimidagi rolini oshirish masalalariga qaratildi.
Transport va savdo aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, suv va energetika hamkorligi, inson kapitali hamda yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi.
Ishtirokchilar mintaqa davlatlari oʻrtasida yanada yaqinlashish uchun asos sifatida ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhimligini taʼkidladilar.
Uchrashuvda shuningdek, mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish, jamoatchilik bilan aloqalarni kengaytirish va erishilgan davlatlararo kelishuvlarning amaliy bajarilishini ta'minlashda parlamentlarning roli haqida ham muhokamalar bo'lib o'tdi.








































