14-sentabr kuni Seulda "Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo C5+1" formati doirasida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat vazirlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. Uchrashuvda Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir ishtirok etdi. Bu haqda Tojikiston vazirligi xabar berdi.
Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyoning beshta davlati – Tojikiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi – sanoat, savdo va barqaror taʼminot zanjirlarini rivojlantirish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini, jumladan, savdoni rivojlantirish, sanoat parklari va zamonaviy infratuzilmani qurish, lityum va noyob yer elementlari kabi strategik minerallar sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish va yosh texnik mutaxassislarni tayyorlashni belgilab oldilar.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlarining resurs salohiyatini Koreya Respublikasining zamonaviy texnologiyalari va xom ashyoni qayta ishlash hamda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega materiallar va mahsulotlar ishlab chiqarish tajribasi bilan birlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yangi "C5+1" formati qoʻshma sanoat loyihalarini amalga oshirish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun doimiy platformaga aylanishi kutilmoqda.









































